Домой / Ota-onalar kengashi

Ota-onalar kengashi

O’quvchini jamiyatda qabul qilingan qonunlarga, tartib-qoidalarga va axloqiy normalarga rioya qilishga o’rgatish avvalo oiladan boshlanadi. Farzandning axloq-odobi, xulq atvori dastavval oilada shakllanadi, undagi insoniylikning ilk xislatlari ota-ona bergan tarbiya orqali vujudga keladi. Oilada ota-ona, mahallada qo’ni-qo’shni va kollejda pedagoglarning doimiy nazorati ostida bo’lgan o’quvchida axloqiy rivojlanish jarayoni ravon kechadi. O’quvchining oilada olgan tarbiyasini rivojlantirishda ayniqsa kollej ta’limi alohida o’rin tutadi. Kollej o’quvchining ilmiy dunyoqarashini shakllantirish, ijtimoiy faolligini oshirish va unga zamon talablari asosida ta’lim-tarbiya berishda ota-onalar bilan faol hamkorlik qilishi zarur. Kollej va ota-onalarning tarbiyaviy maqsadlardagi hamkorligini mustahkamlash, farzand tarbiyasi bo’yicha ota-onalarga pedagogik-uslubiy yordam ko’rsatish borasida «Ota-onalar majlisi»ning o’rni muhim hisoblanadi. Ta’lim muassasalarida mazkur tadbirni samarali tashkil etish maqsadida uni quyidagi tartibda tashkil etish tavsiya etiladi.

1. Ta’lim muassasalarida «Ota-onalar majlisi» alohida guruhlar va kollej miqyosida tashkil etiladi. A) Guruh ota-onalar majlisi – o’quv yili davomida (o’quv yili boshlanishi oldidan, I, II semestr yakunida) o’tkaziladi. O’quv yili boshlanishidan oldin o’tkaziladigan majlisda ota-onalar kollejning ichki-tartib qoidalari bilan tanishtirilib, o’quvchilarga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish jarayonida kollej jamoasi bilan amaliy hamkorligi borasidagi majburiyatlari (shartnoma asosida) belgilab beriladi. O’quv yili semestrlari yakuni bo’yicha o’tkaziladigan majlislarda o’quvchilarning o’zlashtirishi, ular tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etish holatlari, tarbiya jarayonida yuzaga kelgan ziddiyatlar muhokama qilinib, ularni hal etish choralari ko’riladi. B) Umumiy ota-onalar majlisi – o’quv yili boshi va oxirida o’tkazilib, unda ota-onalar kollej hayoti, o’quv yili davomida olib boriladigan hamda amalga oshirilgan tarbiyaviy ishlar va ularning natijalari bilan tanishtiriladi. O’quv yili boshida o’tkaziladigan kollej ota-onalar majlisining umumiy mavzusi o’quvchilarga zamon talablari asosida ta’lim-tarbiya berish uchun zarur shart-sharoitlarni (hamkorlikda)yaratishga qaratilishi lozim. O’quv yili oxirida o’tkaziladigan kollej ota-onalar majlisi esa hisobot shaklida tashkil etilib, unda rahbariyat tomonidan ota-onalarga o’quv yili davomida amalga oshirilgan tarbiyaviy ishlar va ularning natijalari to’g’risida axborot beriladi va kollej «Vasiylik kengashi»ning hisoboti eshitiladi.

2. Guruh ota-onalar majlisi quyidagi tartibda tashkil etiladi: guruh rahbari tomonidan kollej ma’muriyati bilan kelishgan holda guruh ota-onalar majlisining kun tartibi va o’tkazish kuni belgilanadi (bunda ota-onalar majlisining umumiy mavzusi o’quvchilarning ta’lim-tarbiyasi borasida o’zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilishi lozim). Guruhdagi barcha o’quvchilarning ota-onalariga yig’ilish o’tkaziladigan kun, vaqti va uning kun tartibi to’g’risida oldindan yozma xabar (taklifnoma) yuboriladi. Ota-onalar majlisiga kelgan soha mutaxassislari va ishtirokchilar yo’qlama qilinib, yig’ilish boshlanadi (yig’ilish boshlanishidan oldin o’quvchilar tomonidan tayyorlangan qisqa muddatli badiiy dastur tashkil etilishi, ota-onalarga ta’lim sohasidagi islohotlar bo’yicha (slayd yordamida) ma’lumotlar berilishi mumkin). Yig’ilish kun tartibidan o’rin olgan mavzular hayotiy misollar, tarbiyaviy ahamiyatga ega rivoyat va hadislar orqali qiziqarli tarzda ochib beriladi hamda ota-onalarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob beriladi. Guruh rahbari tomonidan har bir o’quvchining o’zlashtirishi va xulqi bo’yicha ota-onalarga umumiy ma’lumot berilib, yuzaga kelgan munozarali vaziyatlar tahlili asosida oilada tarbiyaviy ishlarni tashkil etish yuzasidan pedagogik, uslubiy yordam ko’rsatiladi. Shuningdek, har oy yakunlari bo’yicha e’lon qilingan «Eng faol o’quvchi» hamda «Eng faol guruh»lar to’g’risida ota-onalarga ma’lumot berilib, guruh yoki kollej miqyosida g’olib bo’lgan o’quvchilarning ota-onalariga tashakkurnoma topshiriladi. Qolgan ota-onalarga kelgusida farzandlari ham ushbu mavqeni egallashlariga amaliy yordam ko’rsatishlari bo’yicha tavsiyalar beriladi. yig’ilish kun tartibiga rejadan tashqari kiritilgan turli masalalar o’rnatilgan tartibda muhokama qilinadi (bunda moliyaviy masalalar muhokama qilinishaga yo’l qo’yilmaydi). yig’ilishning samaradorligini baholash va kelgusi yig’ilishlarda qamrab olinishi lozim bo’lgan dolzarb mavzularni aniqlash maqsadida ota-onalarning fikrlari yozma ravishda olinadi. Yig’ilish yakunlanganligi e’lon qilinib, farzandining ta’lim-tarbiyasi yuzasidan alohida axborot olishni xohlagan ota-onalarga yig’ilishdan so’ng suhbatlashish uchun qolishlari mumkinligi eslatiladi.

3. Ota-onalar bilan o’tkaziladigan ilk suhbat chog’ida ota-onalarning farzandlarini ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash borasidagi faollik darajasini aniqlashga yordam beruvchi anketa so’rovlarini o’tkazish mumkin. So’rovnomalar farzandining ma’naviy-axloqiy tarbiyasi va o’quvchilik madaniyatini shakllantirishga nisbatan ota-onalarning shaxsiy munosabatlarini aniqlashga qaratilishi lozim. Shu o’rinda «Siz qanday ota-onasiz?» deb nomlangan namunaviy test savollari ilova qilinadi.

4. Umumiy ota-onalar majlisi quyidagi tartibda tashkil etiladi: Kollej rahbariyati tomonidan «Ota-onalar qo’mitasi» va «Vasiylik kengashi» bilan kelishgan holda umumkollej ota-onalar majlisining kun tartibi va o’tkazish kuni belgilanib, barcha o’quvchilarning ota-onalariga yig’ilish vaqti va uning kun tartibi to’g’risida oldindan yozma xabar (taklifnoma) yuboriladi. Kollejda bir oiladan ikki yoki undan ortiq o’quvchi ta’lim olayotgan bo’lsa, ular uchun bir nafar ota yoki ona ishtirok etishi etarli hisoblanadi. umumiy ota-onalar majlisi ta’lim muassasasining imkoniyatlaridan kelib chiqib, barcha ota-onalar uchun bir vaqtda yoki 1-bosqich, 2-bosqich va 3-bosqich o’quvchilarining ota-onalari uchun alohida vaqtlarda tashkil etilishi mumkin. Umumiy ota-onalar majlisiga kollej hududidagi mahalla raislari, ularning diniy-ma’rifat va axloqiy tarbiya ishlari bo’yicha maslahatchilari, voyaga etmaganlar ishlari bo’yicha profilaktika inspektorlari taklif etiladi. Majlisga taklif etilgan mutaxassislar va ishtirokchilar yo’qlama qilinib, yig’ilish boshlanadi. Unda ota-onalarga yurtimizda ta’lim tizimiga berilayotgan e’tibor, uzluksiz ta’lim sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, bitiruvchilar uchun yaratilgan shart sharoitlar to’g’risida ko’rgazmali ma’lumotlar beriladi. Kun tartibidan o’rin olgan ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy mavzular bilan birga el-yurt hurmatiga sazavor bo’lgan, farzandlarini munosib tarbiyalab kamolga etkazgan kishilarning bu boradagi tajribalari haqida yig’ilganlarga tavsiyalar berishi maqsadga muvofiq. yil yakuni bo’yicha o’tkazilayotgan umumiy ota-onalar majlisida namunali xulqi va a’lo o’qishlari bilan tengdoshlariga o’rnak bo’lgan o’quvchilarning ota-onalariga kollej ma’muriyatining tashakkurnomalari va nominatsiyalar («Eng namunali ota-ona», «Eng faol ota-ona», «Eng fidoiy ota-ona» va hakozo) bo’yicha faxriy yorliqlari topshiriladi. Shuningdek, o’quv yili davomida e’lon qilingan «Eng faol o’quvchi» hamda «Eng faol guruh»lar to’g’risida ota-onalarga ma’lumot berilib, kollej miqyosida g’olib bo’lgan barcha o’quvchilarning ota-onalariga hamda guruhlarning ota-onalar qo’mitasi raislariga tashakkurnoma topshiriladi.

5.  Ota-onalar bilan o’tkaziladigan har bir yig’ilishda o’quvchilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga oid quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratilishi lozim: A) Har bir o’quvchiga shaxs sifatida yondoshish, ulardagi qobiliyatlarni erta aniqlash, erkin fikrlashlarini shakllantirish va kasbga yo’naltirib borish. B) O’quvchi tarbiyasiga individual yondoshish, tarbiyaviy bo’shliqlarini aniqlash, uning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi monitoringini olib borish, bu jarayonga (kundalik daftariga qayd etish orqali) ota-onalar e’tiborini qaratilishini tashkil etish. V) O’z navbatida ota-onalar tomonidan farzandi bilan yakka tartibda shug’ullanish (o’quvchining kun davomidagi xatti-haraktlarini muhokama qilish, kundalik daftaridagi bilimi va hulqiga qo’yilgan baholar bo’yicha munosabat bildirish, uy vazifalarini bajarganligini nazorat qilish)ga etarli miqdorda vaqt ajratish.

6. Ota-onalar majlisi kollej va guruh hayotidagi favqulodda holatlar va zaruriyatlarga qarab navbatdan tashqari tashkil etilishi mumkin. Shuningdek, yuqori guruh qizlarining onalari (yoki ularni o’rnining bosuvchi shaxslar), o’g’il o’quvchilarning otalari (yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar) uchun alohida majlis qilish ham tarbiyaviy ishlar samaradorligiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.